BAYRAM TABRIGI

BAYRAM TABRIGI

Viloyat Xalq ta’limi boshqarmasi boshlig‘i N.Ulug‘berdiyevning
1-oktabr — "O‘qituvchi va murabbiylar kuni” bayrami
munosabati bilan soha xodimlariga
T A B R I G I
 
   Tabarruk ustozlar, mehribon murabbiy-o‘qituvchilar!
Avvalombor Sizlarni, Sizning timsolingizda butun mehrini, bor kuch-g‘ayratini,  ilmini yosh avlodga ta’lim-tarbiya berishdek sharafli va mas’uliyatli, mashaqqatli va huzurbaxsh ishga bag‘ishlab kelayotgan barcha jonkuyar o‘qituvchi va murabbiylarni ulug‘ bayram - "O‘qituvchi va murabbiylar” kuni bilan chin dildan tabriklayman.
   Ilk marotaba qo‘limizga qalam tutqazgan, serjilva olamni, oqu qorani tanitgan, tiniq fitratimizga ma’naviyat va ma’rifatni singdirgan, o‘zining sermashaqqat  mehnati bilan bor mehrini, ko‘z nuri, qalb qo‘rini ayamagan onadek mehribon, otadek g‘amxo'r, har birimiz uchun aziz va mo‘tabar bo‘lgan ulug‘ zot — o‘qituvchi va murabbiylarga ta'zimdamiz.
   Muhtaram Prezidentimiz Shavkat Miromonovich Mirziyoyevning soha xodimlariga yo‘llagan tabriklarida e’tirof etganlaridek: "Biz uchun ibrat namunasi, yuksak insoniy fazilatlar timsoli bo‘lgan sizlar kabi aziz va mo‘tabar zotlar sha’niga eng go‘zal so‘zlar, ezgu tilaklarimizni izhor etamiz. Sizlarning barchangizga hech qachon uzib bo‘lmaydigan qarzdorlik hissi bilan ta’zim qilamiz”, albatta. 
   Bu dunyoda inson kim bo‘lmasin, qaysi jabhada mehnat qilmasin, qanday lavozim egasi bo‘lmasin shubhasiz, uning voyaga yetishi, kamol topishida o‘qituvchi va murabbiylarning beqiyos hissasi bor. Shuning uchun ham mustaqillik yillarida mamlakatimizda o‘qituvchi-murabbiylarga bo‘lgan e’tibor tubdan o‘zgardi, ta’lim-tarbiya tizimidagi islohotlar ustuvor ahamiyat kasb etdi.
   Ta’kidlash joizki, "Ta’lim to‘g‘risida”gi Qonun, "Kadrlar tayyorlash milliy dasturi”ning qabul qilinishi sohaga bo‘lgan e’tibor va rag‘batning amaldagi yorqin  ifodasi bo‘ldi.
   Yuksak quvonch va alohida mamnuniyat bilan e’tirof etish lozimki, jonajon yurtimizda kelajak egalarini tarbiyalash va kamolga yetkazish, ustoz-murabbiylar mehnatini yuksak qadrlash yo‘lida olib borilayotgan izchil islohotlar, qabul qilinayotgan muhim dastur va qarorlar, qad rostlayotgan zamonaviy ta’lim muassasalari, yaratilayotgan shart-sharoitlar bugun barchamizni, jumladan, ustozlarimizni yangidan-yangi marralarga da’vat etmoqda.
   2018-2019 o‘quv yili sarhisoblari to‘g‘risida fikr yuritar ekanmiz, eng avvalo, o‘tgan o‘quv yilida viloyatimiz ta’lim muassasalari tomonidan bir qator yo‘nalishlar bo‘yicha ulkan yutuqlarga erishilgani, o‘quvchilar bilim samaradorligini oshirish hisobidan yuqori natijalar qo‘lga kiritilganligini mamnuniyat bilan tilga olamiz. 2019 o‘quv yilida oliy ta’limga kirish ko‘rsatkichlari bo‘yicha reyting top-20 talikda viloyatimizning 7 ta tuman, shahri yuqori o‘rinlarni zabt etgan. Xususan, Zarafshon shahri karvonboshilikni egallagan. 2-o‘rinni Tomdi, 3-o‘rinni Uchquduq  tumani olgani ham ta’lim ishlari namunali yo‘lga qo‘yilganidan dalolat beradi.
   "Bir million o‘zbek dasturchisi” Birlashgan Arab Amirligi hamkorligidagi loyihasi keng aholi qatlamini masofaviy maxsus onlayn-portal orqali IT-yo‘nalishlari bo‘yicha o‘qitishga mo‘ljallangan bo‘lib, mazkur loyihada ishtirok etgan Karmana tumanidagi 8-umumta’lim maktab o‘quvchisi Qambarov Abdumalik yuqori  natijalarga erishgani uchun 1500 AQSh dollari yutuqqa ega bo‘ldi. Bu ham viloyatimiz yoshlarining axborot kommunikasiya texnologiyalarini puxta egallayotganining isbotidir.
Oliy ma'lumotli o‘qituvchilar soni bo‘yicha eng yaxshi top-20 talik tuman (shahar)lar ichida Navoiy shahri 4-o‘rinni egallagani ham xalq ta’limi sohasida salohiyatimiz yuqoriligi belgisidir.
   Fan olimpiadasi natijalari bo‘yicha eng yaxshi top-20 ta tuman (shahar)lar ichida Navoiy shahri 1-o‘rinni egallagani buyuk mutafakkir Alisher Navoiy nomiga qanchalik munosib ekanligimizni ko‘rsatib turibdi.
Eng yaxshi top 20 ta tuman, shaharlar reytingida Navoiy shahri 1-o‘rin, Zarafshon shahri 2-o‘ringa munosib ko‘rilgani barchamizni birdek quvontiradi.
   Zarafshon shahrida Yaponiya davlatining "Beeanz inc” kompaniyasi va Zarafshon shahar hokimligi o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolangan bo‘lib, 11-umumta’lim maktabida IT-akademiya tashkil etildi. Akademiya 30 yoshgacha bo‘lgan yoshlarni IT sohasiga o‘qitadi va yosh dasturchilarni tayyorlaydi. Ayni kungacha akademiyaga 200 nafar o‘quvchi qabul qilingan.
   O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining "2020-2022 yillarda O‘zbekiston Respublikasining ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-4565-sonli qaroriga asosan viloyatda 2020 yilgi Investisiya dasturi doirasida jami 7 ta umumta’lim maktablarida qurilish-ta’mirlash ishlari olib borilishi belgilab qo‘yilgan, ajratilgan mablag‘ miqdori 23 921,7 mln.so‘m.
   O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 41-sonli Rayosati majlisi bayoniga asosan viloyatda 2020 yilgi qo‘shimcha Investisiya (Antikrizis) dasturi doirasida jami 10 ta (Ajratilgan mablag‘ jami 28768,3 mln.so‘m) umumta’lim maktablarida (6 ta rekonstruksiya va 4 ta mukammal ta’mirlash) qurilish-ta’mirlash ishlari olib borilishi belgilab qo‘yilganligi barkamol avlod kamoloti yo‘lidagi izchil islohotlarning amaliy natijasi bo‘ldi.
   Mustaqilligimizning 29 yilligi arafasida Yurtboshimizning Farmonlariga binoan Navoiy shahridagi 11-alohida fanlar chuqur o‘qitiladigan ixtisoslashtirilgan davlat umumta’lim maktabi direktori Gulnora Jumaniyozovaning "Sog‘lom turmush” medali bilan taqdirlangani, Navoiy shahridagi 4-ayrim fanlar chuqur o‘rganiladigan ixtisoslashtirilgan maktab o‘quvchisi Suhrob Haydarovning "MARD O‘G‘LON” mukofoti, Xatirchi tumanidagi 5-umumiy o‘rta ta’lim maktabi 11-sinf o‘quvchisi Sitora Saparovaning Zulfiya nomidagi Davlat mukofotiga sazovor bo‘lgani, Xatirchi tumanidagi 74-umumta’lim maktab o‘zbek tili va adabiyoti fani  o‘qituvchisi Nilufar Toshevaning filologiya bo‘yicha falsafa fanlari doktori (PhD) bo‘lganligi barchamizga quvonch bag‘ishladi.
   Fursatdan foydalanib, barchangizni ushbu yuksak davlat mukofotlari bilan samimiy tabriklayman.
Sizlarga mustahkam sog‘lik, xonadoningizga tinchlik-xotirjamlik, faoliyatingizda ulkan muvaffaqiyatlar tilayman.
Sharafli kasbingiz ortidan hamisha shogirdlar va el-yurt ardog‘ida bo‘ling, qadrli ustozlar!
Bayramingiz muborak bo‘lsin!

O'xshash yangiliklar