MUHIMI-NATIJA...

MUHIMI-NATIJA...

Yurtboshimizning shu yil 30 sentabr kuni "O'qituvchi va murabbiylar kuni” munosabati bilan soha xodlimlariga yo'llagan murojaatidan kelib chiqib, Navoiy viloyati Xalq ta'limi boshqarmasi ta'lim sifatini oshirish, sohada keskin tub burilishlar yasash maqsadida, tuman, shahar xalq ta'limi bo'limlari oldiga qator talablar qo'ydi. Zero, yosh avlodni kelajak quruvchilari, ertangi kun egalari sifatida tarbiyalamas ekanmiz, ko'zlagan maqsadga erisha olmaymiz. Keyingi yillarda Navoiy viloyati bir qator ko'rsatkichlar bo'yicha kompleks reyting natijalariga ko'ra respublikada yuqori ko'rsatkichlarga erishdi. Ana shu an'anani buzmasdan, ibrat maktabi sifatida erishgan natijalarni saqlab qolish hamda sohadagi islohotlarni jadallik bilan amalga oshirish maqsadida hududiy xalq ta'limi bo'limlari bilan kengashib olindi. Navoiy shahridagi A.Navoiy nomidagi ixtisoslashtirilgan umumta'lim maktabida tizimdagi 10 ta xalq ta'limi bo'limlarining ta'lim sifatini yuksaltirish yo'nalishidagi perspektiv rejalari eshitildi. Tuman, shahar xalq ta'limi bo'limlari rahbarlari, mas'ul xodimlar va ibrat ko'rsatgan umumta'lim maktablarining direktorlari ishtirokida 2019-2020 o'quv yili natijalari va 2020-2021-o'quv yiliga mo'ljallangan harakatlar strategiyasi yuzasidan yig'ilish o'tkazildi.
Yig'ilishda oliy o'quv yurtlariga qabul qilish dinamikasi, malaka toifalari bo'yicha umumiy natijalar, fan olimpiadalari yuzasidan ko'rsatkichlar muhokama qilindi. Shuningdek, umumta'lim maktablari faoliyatini rivojlantirishning ustuvor vazifalari bo'yicha taqdimot o'tkazildi.
O'tgan yillar natijalari tahliliga e'tibor qaratadigan bo'lsak, 2016-2017 o'quv yillarida 2 ta yangi maktab qurilgan, 28 ta ilm maskani rekonstruksiya qilingan, 9 tasi mukammal ta'mirlangan bo'lsa, sport zallari mavjud maktablar soni 221 taga etkazilgan. Mazkur ishlar uchun sarf etilgan byudjet mablag'lari miqdori 45,2 mlrd.so'mni tashkil qiladi. Bajarilgan ishlar natijasida 5,6 ming yangi o'quvchi o'rni yaratilgan. 2018-2019 o'quv yiliga kelib esa viloyatda 3 ta maktab yangidan qurib, foydalanishga topshirilgan. 40 ta umumta'lim muassasasi rekonstruksiya qilingan va 48 ta ilm dargohi mukammal ta'mirlangan. Bunyodkorlik ishlari samarasi o'laroq sport zallari mavjud umumta'lim muassasalari soni 250 taga etkazilgan. Bajarilgan ishlar uchun davlat byudjetidan 216,3 mlrd.so'm sarflangan va o'sish miqdori 4,8 baravarga etishiga erishilgan. Natijada 7,2 ming yangi o'quvchi o'rni yaratilgan.
Ta'lim sifatini tubdan oshirish hamda samaradorlikka erishishda shart-sharoitlarning yaratilishi, infratuzilmaning shakllantirilishi muhim ahamiyat kasb etadi. Bu boradagi raqamlarga murojaat qiladigan bo'lsak, 2016-2017 o'quv yilida umumta'lim maktablar soni 355 tani tashkil etgan. Mazkur maktablarning 282 tasi toza ichimlik suvi bilan ta'minlangan bo'lsa, 234 tasining atrofi tashqi devor bilan o'ralgan. 2018-2019 o'quv yiliga kelib maktablar infratuzilmasini yaxshilash, yosh avlod hamda ularning o'qituvchilari uchun munosib sharoitlarni yaratish borasida ishlar namunali yo'lga qo'yilganini ko'rish mumkin. Umumta'lim muassasalar soni 10 taga ko'payib, 365 taga etgan. Toza ichimlik suvi bilan ta'minlangan maktablar soni 31 taga ko'payib, 313 taga etgan. Atrofi tashqi devor bilan o'ralgan umumta'lim maktablar sonida ham o'sish kuzatilib, 104 taga oshgan va ular soni 338 taga etgan.
Zamonaviylik va qulaylik ilm maskanlarining qay darajada jihozlanishi bilan ham belgilanadi. Raqamlarga e'tibor qaratadigan bo'lsak, 2016 yilda viloyatdagi umumta'lim muassasalarini jihozlash uchun jami 1 milliard 126 million so'm ajratilgan bo'lsa, 2019 yilda bu maqsadlar uchun ajratilgan mablag' miqdori 8 milliard 920 million so'mni tashkil etadi va o'sish ko'rsatkichi 8 barobarga oshganligi ta'lim sifatini oshirishga qaratilayotgan e'tiborning namunasi sanaladi.
Oldinda turgan rejalar bo'yicha marrani bundan ham yuqori olish yuzasidan kelishib olindi. Chunki, buning uchun etarli shart-sharoitlar mujassam. "Tog'dek so'rasang – qirdek beraman”, deganlaridek, tashabbus ertangi kunning hosilasidir.

O'xshash yangiliklar