SPORT – MENING DO‘STIM

SPORT – MENING DO‘STIM

   Navoiy viloyatida ommaviy sportni rivojlantirish, sog‘lom turmush tarzini targ‘ib etish, jamoaviy jismoniy tarbiyani shakllantirish borasida tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. Bu borada viloyat hokimligi, Sport boshqarmasi tashabbuslarini alohida e’tirof etish lozim. Turli yosh toifasiga mansub bo‘lgan fuqarolar, tashkilot, korxona va muassasalarning xodimlarini sportga jalb etish borasida keng ko‘lamli ishlar olib borilib, tadbirlar tashkil etilmoqda. Ana shunday tadbirlardan biri bugun Navoiy shahridagi A.Navoiy nomi bilan ataladigan istirohat bog‘ida, ko‘l atrofi bo‘ylab o‘tkazildi. Shahar aholisi, turli tashkilotlardan yig‘ilgan yuzlab velosipedchilar viloyat hokimligi binosiga chegaradosh maydonda chigilyozdi mashqlarini qilib olgach, velomarafonga start berildi. Marafonning asosiy poygasi "Nuroniylar maskani”dan boshlanib, mavjlanib turgan sun’iy ko‘l doirasida bo‘lib o‘tdi. Marafonni xotin-qizlarimiz boshlab berishdi va estafetani turli tashkilotlardan kelgan erkaklar jamoalari davom ettirishdi.
   Tadbirda viloyat xalq ta’limi tizimidan ham ko‘plab havaskorlar ishtirok etdi. "Sog‘ tanda – sog‘lom aql”, deganlaridek, bunday sport tadbirlari kishi ruhiyatini tetiklashtirib, hayotiy tonusni oshiradi. Bundan tashqari jismoniy harakat inson immunitetini oshirib, tananing turli kasalliklarga qarshi kurashuvchanligini kuchaytiradi.
   "Ertalabki musaffo havoda aksariyat ko‘l bo‘ylab o‘z velosipedimda sayr qilaman. Bu menga ishda unum bo‘lishi va kundalik yumushlardagi horg‘inlikni haydashda yordam beradi” – deydi tadbirda qatnashgan viloyat Xalq ta’limi boshqarmasi boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari D.Kodirov.

O'xshash yangiliklar