BARKAMOL AVLOD TARBIYАSI

BARKAMOL AVLOD TARBIYАSI

   Xalq ta’limi tizimidagi maktabdan tashqari ta’limni rivojlantirish, samaradorligini yanada oshirish, o‘quvchilarda ma’naviy fazilatlarni yuksaltirish, bo‘sh vaqtlarini mazmunli o‘tkazishni tashkil etish, kasb-hunarga yo‘naltirish orqali ijtimoiy hayotga tayyorlab borish ishlari jonlantirilmoqda. Bu borada O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 30-sentabrdagi PQ-4467-sonli qarori muhim ahamiyat kasb etmoqda. Keyingi ikki yilda yangidan tashkil etilgan "Barkamol avlod” bolalar maktablari moddiy-texnik bazalari yaxshilanib, asosiy vazifalari aniq belgilab berildi. O‘sib kelayotgan yosh avlodni ma’naviy barkamol etib tarbiyalash, ularning san’at, sport, axborot texnologiyalari, kitob o‘qishga bo‘lgan qiziqishlarini tizimli oshirib borish ustuvor maqsad etib belgilandi. Bundan tashqari, robototexnika, mexatronika, muhandislik va kompyuter dasturiy ta’minoti yo‘nalishlaridagi to‘garaklarning uzluksiz ishlashini ta’minlash hamda doimiy rivojlantirib borish mazkur yo‘nalishdagi ishlarning negizini tashkil etadi.
   Bolalar ijodkorligini rag‘batlantirish, ularning ijodiy ishlarini ommalashtirish, milliy an’analarimiz asosida to‘garak a’zolari tomonidan yaratilgan mahsulotlarni dunyo bozoriga olib chiqish maqsadida "Art shop” elektron do‘konlarini tashkil etish va ular orqali sotuvni yo‘lga qo‘yish sohani rivojlantirishga xizmat qiladi.
   Bugun viloyat "Barkamol avlod” bolalar maktabida tuman, shaharlarning turdosh maktablari hisobot yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Hisobotda keyingi bir yilda mazkur muassasalarga bolalar qatnovi keskin ko‘paygani, yangi turdagi "Robototexnika”, "Floristika”, "Mental arifmetika”, raqs to‘garaklari tashkil etilgani, mahalliy davlat hokimiyati organlari moliyaviy yordami hamda ishlab topilgan mablag‘lar hisobiga moddiy-texnik bazaning tubdan yaxshilangani ta’kidlab o‘tildi. Shuningdek, bu boradagi kamchiliklar ko‘rsatib o‘tildi va ularni bartaraf etish yuzasidan chora-tadbirlar ishlab chiqib, ijroga qaratilishi belgilab olindi.
   "Oldimizga qo‘yilgan maqsadlarni og‘ishmasdan bajarish, yoshlarimizni ilg‘or tajribalar asosida tayyorlab borish – asosiy maqsadimiz. Bu yo‘lda bizda salohiyat, bilim, eng asosiysi, fidoiylik mavjud”, - deydi viloyat "Barkamol avlod” bolalar maktabi direktori M.Rahmatova.

O'xshash yangiliklar