KASBGA YO‘NALTIRIS OMILLARI

KASBGA YO‘NALTIRIS OMILLARI

   Uzluksiz ta’lim tizimini rivojlantirishning hozirgi sharoitida o‘quvchilar bilan olib boriladigan kasb-hunarga yo‘naltirish ishlarini takomillashtirish, ularni ongli va mustaqil kasb-hunar tanlashga tayyorlash umumta’lim maktablarning asosiy vazifalaridan biri hisoblanadi. O‘quvchilarni kasb-hunarga yo‘naltirish ishlari ta’lim-tarbiya bilan uzviy kechadigan, uning barcha qirralarini qamrab oladigan uzluksiz jarayondir.
    Aslida kasb so‘zining o‘zagi ham arabcha "kasaba” fe’lidan olingan bo‘lib – egalik qilmoq, qo‘lga kiritmoq, ishlab topmoq, qozonmoq, ish bajarmoq kabi ma’nolarni anglatadi. Kasb deb rizq talabida muayyan ish bilan shug‘ullanishga aytiladi. Shu nuqtai nazardan o‘quvchi-yoshlarni muayyan kasb-hunarga o‘rgatish pedagoglarning asosiy vazifalaridan hisoblanadi. Kasb-hunarga o‘rgatish uzluksiz ta’limda umumta’lim tizimida alohida ahamiyatga ega bo‘lib, yoshlarga o‘quv va maxsus fanlar doirasida ishlab chiqarish sohalari, ularning o‘ziga xos xususiyatlari, mehnat turlari, kasbiy faoliyat to‘g‘risida tushunchalar beriladi. Natijada o‘quvchilarda muayyan kasb, faoliyat yo‘nalishiga qiziqish paydo bo‘ladi.
   Zarafshon shahridagi umumta’lim maktablarda bu yo‘nalishda e’tiborga molik ishlar amalga oshirilmoqda. O‘quvchilar, ayniqsa qizlarni ijtimoiy hayotga tayyorlab borish, ularga maktab partasidan boshlab ma’lum bir kasb yoki hunarga ishtiyoq paydo qilish maqsadida turli tadbirlar tashkil etilmoqda. Ana shunday tadbirlardan biri shahardagi 12-umumta’lim maktabida o‘tkazildi. Joriy yilning 29-oktabr kuni maktabning 8-9-sinf qizlari o‘rtasida "Lazzatli salatlar kuni” bo‘lib o‘tdi. Qizlar o‘zlarining pazandalik mahoratlarini namoyish etgan mazkur tadbirda yurtimiz quyoshi nurlariga to‘yingan sabzavotlar, poliz ekinlaridan betakror, xushta’m salatlar tayyorlab, o‘z ishlarini san’at darajasiga olib chiqishdi.

O'xshash yangiliklar