NAVOIY VILOYATI XALQ TA’LIMI BOSHQARMASI BOSHLIG‘INING MUROJAATI

NAVOIY VILOYATI XALQ TA’LIMI BOSHQARMASI BOSHLIG‘INING MUROJAATI

Navoiy viloyat xalq ta’limi boshqarmasi boshlig‘i Shamuratov Marat Xalmuratovichning ota-onalar, jamoatchilik vakillari, umumta’lim maktablari direktorlari va o‘qituvchilarga
MUROJAATI
 
   Bugungi kunda yurtimizda ta’lim sohasiga qaratilayotgan ulkan e’tibor, davlatimiz rahbari tomonidan sohani zamonaviy talablar asosida rivojlantirish, kelajagimiz egalari bo‘lgan yosh avlodga sifatli ta’lim-tarbiya berish bo‘yicha jonkuyarlik bilan amalga oshirilayotgan zalvorli ishlar zamirida xalqimiz buyuk kelajagini barpo etish, farovon turmushiga erishish va jonajon O‘zbekistonimizni barqaror rivojlanishini ta’minlashdek ulug‘ maqsadlar yotibdi.
  Yurtboshimizning "Yangi O‘zbekiston – maktab ostonasidan boshlanadi” degan so‘zlari har bir inson hayotida, aytish mumkinki, hal qiluvchi bo‘g‘in hisoblangan maktab ta’limi rivoji bugungi kunning naqadar dolzarb vazifasi ekanligini barchamizga anglatib turibdi. So‘nggi yillarda xalq ta’limiga oid qabul qilingan davlat va hukumat darajasida qator farmon va qarorlar bu boradagi islohotlarning huquqiy zamini bo‘ldi. Mazkur hujjatlarda o‘qituvchining jamiyatdagi qadrini va nufuzini yuksaltirish, ta’lim muassasalarida yosh avlodga sifatli ta’lim berish uchun zaruriy barcha shart-sharoitlarni yaratish, yosh avlodni hayotga puxta tayyorlash bo‘yicha o‘ta muhim vazifalar belgilab berildi.
    Bu borada Navoiy viloyati ta’lim tizimida ham salmoqli ishlar amalga oshirilib, ta’lim muassasalari zamonaviy ko‘rinish kasb etayotganligi, pedagoglar sha’ni va qadr-qimmati oshib, o‘quvchilarga sifatli ta’lim berilayotganligi natijasida viloyat respublika reytingida yuqori o‘rinlarda qayd etilmoqda. Bu yutuqlar zamirida viloyatimiz ta’lim muassasalarida faoliyat yuritayotgan fidoiy va zahmatkash ustozlarimiz, jonkuyar muallimlarimizning katta hissasi borligini alohida ta’kidlamoqchiman.
   Mazkur ishlarni yanada rivojlantirish, davlatimiz tomonidan sohaga qaratilayotgan ulkan e’tiborni chuqur anglagan holda sohadagi islohotlarni muvaffaqiyatli tatbiq etish, viloyat ta’lim tizimidagi barcha muassasalarda o‘quvchilarga sifatli ta’lim-tarbiya berish, o‘qituvchilar qadr-qimmatini yanada yuksaltirish, ularni o‘z faoliyatidan tashqari bo‘lgan ishlarga jalb etmaslik, pedagog xodimlar salohiyatini oshirib borish, ularni moddiy va ma’naviy qo‘llab-quvvatlash va ta’lim muassasalari moddiy-texnik bazasini yanada boyitib borilishini ta’minlash bo‘yicha vazifalar ijrosiga sidqidildan kirishiladi.
   Davlatimiz rahbari tomonidan biz, ta’lim sohasi xodimlari oldiga qo‘yilgan vazifalarni sifatli va samarali ta’minlash, bu borada har bir rahbarning mas’uliyati va javobgarligini oshirish, ta’lim muassasalarida ta’lim sifati ko‘rsatkichlarini bosh mezon sifatida belgilab, natija uchun ishlashga yo‘naltirish, bitiruvchilarni hayotda o‘z o‘rnini topib ketishlariga har tomonlama ko‘maklashish asosiy faoliyat yo‘nalishimiz hisoblanadi.
   Ta’lim sohasi bo‘yicha murojaatlar bilan to‘liq ishlanadi, boshqarma boshlig‘ining qabul kunlari va telefon raqami, rahbariyatning ishonch telefonlari barcha ta’lim muassasalarida mavjud bo‘ladi. Ta’lim muassasalarida korrupsiyani oldini olish, unga shart-sharoit yaratib berayotgan omillarga qarshi kurashish va bartaraf etish doimiy diqqat markazimizda bo‘ladi va bu bo‘yicha amaliy faoliyat olib boriladi.
    Ota-onalar, keng jamoatchilik bilan mustahkam hamkorlikdagi ta’lim-tarbiya jarayoni tashkil etiladi. Ta’lim sifatini oshirishda ota-onalarning o‘rni va rolini oshirishga e’tibor qaratiladi. O‘quvchilar o‘rtasida turli xildagi jinoyatchilik, huquqbuzarlik va boshqa salbiy illatlarni oldini olish borasida huquqni muhofaza qiluvchi idoralar, jamoatchilik tashkilotlari bilan mustahkam hamkorlik o‘rnatilib, amaliy tadbirlar soni va sifati oshiriladi. O‘quvchilarni sportga bo‘lgan qiziqishlari oshiriladi, ular o‘rtasida kitobxonlik yanada rivojlantiriladi.
    Sektor rahbarlari bilan faol hamkorlik qilinadi, ta’lim muassasalari moddiy-texnik bazasini yanada yaxshilash, kutubxona fondini oshirishga e’tibor qaratiladi.
     Hurmatli viloyatimiz ta’lim sohasi jonkuyarlari, fidoiy ustozlar, ishonamanki, barchangiz buyuk kelajagimizning mustahkam poydevori bo‘lmish yosh avlod ta’lim-tarbiyasiga qaratilayotgan ulkan e’tibordan ruhlanib, o‘z faoliyatingizni yangicha qarash, yangi shijoat bilan, zamonaviy yondashuvlar asosida samarali va sifatli tashkil etasiz. Har bir o‘quvchini mustaqil hayotda o‘z o‘rnini qiynalmay topishida va Vatanimizga xizmat qiladigan komil insonlar qilib tarbiyalashda bilim va mehnatingizni ayamaysiz degan umiddaman. Bu yo‘lda barchangizga mustahkam sog‘lik, tinchlik-omonlik va mashaqqatli faoliyatingizda muvaffaqiyatlar tilayman.

Shamuratov Marat Xalmuratovich
Navoiy viloyat xalq ta’limi boshqarmasi boshlig‘i

O'xshash yangiliklar