OCHIQ DAVLAT XIZMATI

OCHIQ DAVLAT XIZMATI

   Bugun O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi davlat xizmatini rivojlantirish agentligi Navoiy viloyati filiali, viloyat xalq ta’limi boshqarmasi hamda Navoiy davlat pedagogika instituti hamkorligida yoshlar uchun davlat fuqarolik xizmati faoliyati bilan bevosita tanishishga yo‘naltirilgan "Open public servis” ("Ochiq davlat xizmati”) tanishuv seminari bo‘lib o‘tdi.
   Seminarning asosiy maqsadi – O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining "O‘zbekistonning yangi taraqqiyot davrida ta’lim-tarbiya va ilm-fan sohalarini rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 2020-yil 6-noyabrdagi PF-6108-son Farmoni mazmun-mohiyatini tushuntirish, inson kapitalini rivojlantirish taraqqiyotning muhim omili ekanligini yoshlarga to‘laqonli yetkazib berish, ta’lim menejmenti, uning zamonaviy usullari va xodimlarda boshqaruv ko‘nikmalarini rivojlantirish masalalari bo‘yicha konstruktiv ma’lumotlarni yetkazish.
   Seminarni viloyat xalq ta’limi boshqarmasi boshlig‘i M.Shamuratov ochib berib, sohaga qaratilayotgan e’tibor, viloyat umumta’lim maktablarining moddiy-texnik bazasi, o‘qituvchilar salohiyatini oshirish borasida olib borilayotgan ishlar to‘g‘risida bo‘lajak o‘qituvchilarga ma’lumot berdi va ularning kelajakdagi ishlariga omad tiladi.
   Seminarda Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi Navoiy viloyati filiali bosh mutaxassisi A.Latipov agentlikning asosiy ustuvor vazifalari, mas’uliyatli, qat’iy pozisiyaga ega, soha bo‘yicha bilimli, salohiyatli kadrlarni davlat fuqarolik xizmatiga meritokratiya tamoyili asosida qabul qilish to‘g‘risida aniq tushunchalar berib, xalq ta’limi tizimi rahbarlik lavozimlari bo‘yicha mavjud vakant lavozimlar to‘g‘risida ma’lumot berdi.
   Viloyat xalq ta’limi boshqarmasi boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari D.Kodirov xalq ta’limi sohasidagi islohotlarning borishida inson omili, zamonaviy yondashuv, o‘qituvchi mavqeini oshirish, moddiy va ma’naviy rag‘batlantirishning shaxs kamolotidagi o‘rni, shuningdek, o‘qituvchining zimmasidagi ortiqcha yuklamalarni bekor qilish orqali uning o‘z ustida ishlashini ta’minlash borasida o‘z fikrlarini bildirib o‘tdi. Ta’limning innovasion shakllari va usullarini joriy etish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar to‘g‘risida ma’lumot berib o‘tdi.
   Xalq ta’limi boshqarmasi boshlig‘ining o‘rinbosari A.Shakarov bugungi kunda xalq ta’limi tizimida pedagog xodimlarga bo‘lgan ehtiyojning darajasi, ta’lim sifatini oshirish bo‘yicha umumta’lim maktablarning oldiga qo‘yiladigan talablar, o‘qituvchilarni ularning erishgan natijalariga muvofiq rag‘batlantirib borish va boshqa ustuvor maqsadlar to‘g‘risida tushuntirish berdi. Viloyat umumta’lim maktablarining reytingi, sohaga raqamlashtirishning tatbiq etilishi, ta’lim tizimida baholash, fan olimpiadalarida inson ishtirokini chegaralash xususida gapirib o‘tdi.
   Seminar so‘ngida Navoiy davlat pedagogika instituti bilan hamkorlikda iqtidorli yoshlar, shu jumladan xotin-qizlar orasidan istiqbolli kadrlar zahirasini shakllantirish hamda ularning seleksiyasini amalga oshirish, kelgusida hamkorlikni yanada mustahkamlashga kelishib olindi.

O'xshash yangiliklar