YANGI O'QUV YILIGA YANGI MAKTAB

YANGI O'QUV YILIGA YANGI MAKTAB

  O'zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining yigirma etti yilligiga bayram tuhfasi sifatida Karmana tumanidagi Kumushkon massivida istiqomat qiluvchi yoshlar uchun yangi maktab binosi foydalanishga topshirildi.

  Shu munosabat bilan tashkil etilgan tadbirda so'z olgan Karmana tumani hokimi F. Umarov, Navoiy viloyat xalq ta'limi boshqarmasi boshlig'i N. Ulug'berdiev mamlakatimiz ta'lim tizimida amalga oshirilayotgan tub islohotlar jarayonida uning moddiy-texnik bazasini yanada mustahkamlashga alohida e'tibor qaratilib, yosh avlodning zamonaviy bilim va kasb-hunarlarni puxta egallashi, iste'dod va salohiyatini keng namoyon etishi uchun barcha sharoit yaratilgani ta'kidlandi.

  300 o'ringa mo'ljallangan uch qavatli mazkur ta'lim muassasasida «Almaz» mas'uliyati cheklangan jamiyatining qo'li gul quruvchilari tomonidan 3 milliard 414 million so'mlik qurilish-montaj ishlari bajarildi.

 – Mamlakatimiz ta'lim tizimidagi islohotlar tufayli farzandlarimiz barcha qulayliklarga ega zamonaviy maskanlarda ta'lim-tarbiya olmoqda, – deydi ushbu massivda yashovchi N. Abutolipova. – Shu paytgacha o'quvchilar 4-5 kilometr yo'l bosib qo'shni mahalladagi maktabga qatnar edi. Istiqlolimizning 27 yillik bayrami munosabati bilan bugun foydalanishga topshirilgan yangi maktab binosi biz ota-onalar, ayniqsa, farzandlarimiz uchun munosib tuhfa bo'ldi. Yangi maktabga yangi orzular bilan qadam qo'ygan bolalarimiz o'z oldilariga yangi maqsad va marralarni qo'yishlariga ishonamiz..
 Birinchi qo'ng'iroq sadolari ostida ta'lim dargohiga ilk qadam qo'yayotgan 1-sinf o'quvchilariga maktabning ramziy kaliti topshirildi. So'ngra jajji o'quvchilarga jonajon sinfxonalarida viloyat, tuman rahbarlari tomonidan "Prezident sovg'asi” topshirilib, ularga samimiy tilaklar izhor etildi. Yuqori sinflarda viloyat va tuman rahbarlari tomonidan "Mustaqillik darsi” o'tkazilib, yosh avlodga mustaqillik buyuk ne'mat ekanligib uni asrab-avaylash o'zini shu yurt farzandi deb bilgan barcha insonlarning muqaddas burchi ekanligi ta'kidlab o'tildi.
 -Joriy o'quv yilida O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 3 fevraldagi PF-1507-sonli qaroriga muvofiq Investisiya dasturi asosida viloyatimiz bo'yicha 11ta ta'lim muassasasida rekonstruksiya, mukammal ta'mirlash va joriy ta'mirlash ishlari amalga oshirildi, -deydi VXTB Bino va inshootlar faoliyatini muvofiqlashtirish va monitoring qilish bo'limi boshlig'i o'rinbosari F. Bekqulov. -Shuningdek, "Obod qishloq” davlat dasturi asosida 32ta, "Obod mahalla” davlat dasturi asosidasa esa 4ta ta'lim muassasasidagi bunyodkorlik ishlariga 65,0 mlrd so'm mablag' yo'naltirildi. Albatta, ushbu bunyodkorlik ishlari zamirida yosh avlodning zamon talablari asosida sifatli ta'lim olishlari uchun etarli shart-sharoit yaratish maqsadlari yotibdi. Ishonamizki, yosh avlod yaratilayotgan shart-sharoit va imkoniyatlardan unumli foydalanib, mamlakatimiz porloq kelajagining haqiqiy bunyodkorlari bo'lib voyaga etadilar.
 
A.Jo'rayev "Istiqlol g'unchalari" gazetasi muharriri

O'xshash yangiliklar