BOSHQARMA BOSHLIG'INING BAYRAM TABRIGI

BOSHQARMA BOSHLIG'INING BAYRAM TABRIGI


Navoiy viloyat xalq ta’limi boshqarmasi boshlig‘i N.R.Ulug‘berdievning 1 oktyabr – O‘qituvchi va murabbiylar kuni munosabati bilan bayram tabrigi

    Hurmatli ustozlar, aziz o‘qituvchi va murabbiylar, avvalo, barchangizni kasb bayramingiz bilan muborakbod etaman!
O‘qituvchi murg‘ak bolaga qalb tubidan joy berib, uni haq yo‘lga boshlaydi, ilm va ma’rifat sari yuksaklikka ko‘tarilishida unga ko‘maklashadi. O‘qituvchi ilm-fan sirlarini sabr-matonat ila beg‘ubor qalblarga jo qilguvchi, har dam dillarga ezgulikni singdirguvchi buyuk insondir. Shu bois ham ustoz va muallimlar zamonlar osha eng aziz kasb egasi sifatida jamiyatda hamisha hurmat va e’zozga sazovor bo‘lib kelganlar. O‘qituvchi va murabbiylar jamiyat rivojida muhim o‘rin tutishi har doim ham dolzarb masalalardan biri bo‘lib kelgan bo‘lsa-da, bugun yurtimizda ularning jamiyat salohiyati, kelajak avlod tarbiyasi va el-yurt tinchligi hamda taraqqiyotidagi o‘rni beqiyos ekanligi e’tiborga olinmoqda. Davlatimiz rahbari Sh.Mirziyoev tomonidan 2017-2018 yillar davomida ta’lim sohasini tubdan yaxshilash bo‘yicha qabul qilinayotgan farmon va qarorlar  fikrimizga misol bo‘la oladi. 
Viloyatimiz xalq ta’limi tizimida 353 ta umumiy o‘rta ta’lim maktablari va 3 ta jismoniy va psixik rivojlanishida nuqsoni bo‘lgan bolalar uchun ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalari, 11 ta "Barkamol avlod” bolalar markazlari faoliyat ko‘rsatmoqda.  Ushbu ta’lim muassasalarida 170 mingdan ortiq o‘quvchilarga 19 mingdan ortiq o‘qituvchilar ta’lim-tarbiya berib kelmoqda.
Muhtaram Prezidentimiz tashabbusi bilan 2017 yil 7 fevralda qabul qilingan "O‘zbekiston Respublikasini yanada rivojlantirish bo‘yicha Harakatlar strategiyasi to‘g‘risida”gi Farmonida 2017 – 2021 yillarda mamlakatimiz taraqqiyotini yanada jadallashtirishga doir belgilab berilgan beshta yo‘nalishdagi ustuvor vazifalarning to‘rtinchisi ijtimoiy sohani rivojlantirish qaratilganligi, bu yo‘nalishlardan biri sifatida ta’lim-tarbiya tizimini taraqqiy ettirish masalasi ham ustuvor vazifalar etib belgilangan. Harakatlar strategiyasi doirasida mamlakatimiz xalq ta’limi tizimida ko‘plab ezgu ishlar amalga oshirilayotgani hammamizga ma’lum. 
   Muhtaram Prezidentimiz 2017 yil 1 oktyabr - O‘qituvchi va murabbiylar kuni bayrami munosabati bilan yo‘llagan tabrigida "Ayni vaqtda biz ta’lim-tarbiya muassasalarining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, muallimlar, professor-o‘qituvchilar malakasini oshirish, xorijdagi etakchi ta’lim markazlari bilan ilmiy-pedagogik hamkorlikni kuchaytirish, o‘quv-tarbiya jarayonlariga zamonaviy ta’lim va axborot texnologiyalarini, yangi o‘quv metodikalarini joriy etish bo‘yicha hali oldimizda ko‘plab dolzarb vazifalar turganini yaxshi anglaymiz va ularning echimi ustida doimiy ish olib boramiz", — deb ta’kidlagan edilar.Zero, shu o‘tgan bir yil davomida yurtboshimizning tashabbusi bilan mamlakatimiz xalq ta’limi tizimida bir qator yangilanishlar qilindi.  Bu borada viloyatimizda ham o‘sib kelayotgan yosh avlodning bilim  salohiyati, iqtidor va iste’dodini rivojlantirish va ularni qo‘llab-quvvatlash maqsadida  bir qator ishlar amalga oshirildi. 
Jumladan, davlatimiz rahbarining 2018 yil 2 mart kuni viloyatimizga tashrifi davomida Xatirchi tumanida o‘tkazgan yig‘ilishida berilgan topshiriqlarining ijrosini ta’minlash maqsadida Navoiy shahridagi 19-umumiy o‘rta ta’lim maktabiga Alisher Navoiy nomidagi o‘zbek tili va adabiyotiga ixtisoslashtirilgan umumta’lim maktabi maqomi berildi hamda viloyatning olis cho‘lli hududida joylashgan Tomdi tumanida tabiiy fanlarga ixtisoslashtirilgan maktab-internati tashkil etildi. 2018 yilgi Investitsiya dasturiga asosan Karmana tumanida 32-maktab, Uchquduq tumanida 5-maktab yangidan qurildi. Shuningdek, Jahon banki tomonidan 2018 yilning mart va aprel oylarida viloyatimizdagi 15 ta ta’lim muassasalariga kompyuter texnikalari berildi. Bundan tashqari, Xitoy Xalq Respublikasi grantlariga binoan 48 ta umumta’lim maktablari kompyuter texnikalari va interaktiv doskalar bilan ta’minlandi.

Xalq ta’limi tizimi nafaqat moddiy, balki ilmiy-metodik, innovatsion pedagogik texnologiyalarni ta’lim jarayoniga tatbiq etish, bolalarni sportga jalb qilish, o‘quvchilarga fanlarni chuqur o‘rgatish, yoshlarni musiqa va san’at qiziqtirish borasidagi ishlar ham ahamiyalidir. O‘quvchilarni o‘zlari qiziqqan sohaga yo‘naltirish va iqtidorli yoshlarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida tuman va shahar maktablarida fanlarni chuqur o‘rganishga yo‘naltirilgan ixtisoslashtirilgan sinflar tashkil etildi. Umumiy o‘rta ta’lim maktablarida tajriba tariqasida viloyatimizdagi 10 ta umumiy o‘rta ta’lim maktablarida shaxmat darslari tashkil qilinganligi o‘quvchilar o‘rtasida ushbu sport turining ommaviyligini oshirishda muhim ahamiyat kasb etadi, albatta.
 Bugun ta’lim tizimini takomillashtirish bo‘yicha qabul qilingan farmon, qarorlarda barkamol avlodni tarbiyalash va bu vazifani bevosita amalga oshiradigan o‘qituvchini ulug‘lash, ularga etarli ish sharoitlarini yaratishdir. Shuni alohida aytish joizki, davlatimiz rahbari tomonidan 2018 yil 14 avgustda qabul qilingan "Yoshlarni ma’naviy-axloqiy va jismoniy barkamol etib tarbiyalash, ularga ta’lim-tarbiya berish tizimini sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori mamlakatimiz hayotida muhim tarixiy voqea bo‘ldi.  Qaror mamlakatimizda barkamol avlodni shakllantirish, yoshlarni ma’naviy-axloqiy va jismonan sog‘lom etib tarbiyalash, ularni olib borilayotgan islohotlarning faol ishtirokchisiga aylantirish hamda o‘qituvchilik kasbining jamiyatdagi nufuzini yanada oshirishga qaratilganligi bilan katta ahamiyatga ega.
Qarorga muvofiq, 2018 yil 1 sentyabrdan e’tiboran o‘qituvchilar, ta’lim tizimi xodimlarining oylik maoshi oshirildi.  2019 yilning yanvar oyidan e’tiboran yuqori sinf o‘qituvchilarining  toifasiga ko‘ra oyligi ko‘paytirilishi, boshlang‘ich sinf o‘qituvchilariga eng ko‘p oylik berilishi, maktab psixologlarining ish haqini oshirish ham ko‘zda tutilgan.
   O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 5 sentyabrda qabul qilingan "Xalq ta’limini boshqarish tizimini takomillashtirish bo‘yicha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmonida ta’lim tizimini takomillashtirish, umumta’lim muassasalarining moddiy texnik bazasini mustahkamlash va maktablarni o‘quv-uslubiy materiallar, kompyuter va multimedia texnikasi, videokuzatuv tizimlari bilan jihozlash kabi vazifalar belgilangan.
   Hukumatimizning bu ezgu ishlarida  yosh avlodni barkamol  inson qilib voyaga etkazish yo‘lida mehnat qilayotgan o‘qituvchi va murabbiylarga qay darajada ehtirom va e’tibor ko‘rsatilayotganidan namunalar xolos. Kelajagimiz vorislarini Vatanga munosib avlodlar etib tarbiyalashda fidoyilik ko‘rsatgan ustoz-muallimlarni yurtboshimiz, xalqimiz doimo ulug‘laydi. Siz har qancha e’zoz, e’tibor va hurmatga munosibsiz, qadrli ustozlar! Sizlarni bayram bilan yana bir bor qutlab, Sizga sihat-salomatlik, xonadoningizga fayz-baraka va tinchlik, sharafli va mas’uliyatli ishingizda yuksalishlarga erishishingizni tilayman. Hamisha shogirdlar ardog‘ida bo‘ling, aziz ustozlar! 
  

O'xshash yangiliklar