SHOGIRDIN YO'LIGA NUR SOCHGAN USTOZ

SHOGIRDIN YO'LIGA NUR SOCHGAN USTOZ

Shogirdin yo‘liga nur sochgan ustoz!

    3 yoshli bolakay. Dadasi oyisini Toshkentga shifoxonaga olib ketgan. Ibrohimjon buvisi bilan qolgan. Qo‘ng‘iroq jiringlaganda bolakay har kuni buvisidan oldin yugurib keladi. "Dadam biyan gaplashaman…” Go‘shakdan ovoz eshitiladi:
–Bolam, senga nima olib boray?
–Kitop op keling, dada, ta-a-attasidan…
 Bu suhbat har kun bir xil mavzuda bo‘lardi va bolakayning fikri o‘zgarmasdi.
 O‘shanda, dadasi hayron bo‘lgandi. Nega boshqa bolalar kabi mening bolam shirinlik, o‘yinchoq so‘ramaydi deb. Mana bugun bu hayratning tilsimi yechildi.
• O‘g‘limning kitob mutolaasiga bog‘lanib qolganidan xursand bo‘lardim, ammo uning she’r yozishi, tanlovlarga uzluksiz tayyorlanishi, qo‘shimcha topshiriqlari ko‘pligidan uyga kech qaytishi, sport musobaqalariga vaqtini kamroq sarflayotganidan biroz xafa bo‘lardim. Ustozi Nilufar Ostonova esa "Farzandingiz iqtidorli, ammo she’riyatga, adabiyotga bo‘lgan mehri boshqacha, bejizga Navoiy bobosi tug‘ilgan sanada dunyoga kelmagan-da”,–deya yana o‘g‘limni she’riyat kechalariga olib ketardilar, –deydi Ibrohimjonning dadasi.
2017-2018-yillarda Ibrohimjonning izlanishlari bo‘y ko‘rsatib, "Kamalak yulduzlari” bolalar ijodiyot festivali, "Mustaqillik madhi bolalar ijodida” ijodiy ishlar ko‘rik-tanlovi, "Kitobxonlikka yangicha qadam”, "Kamolot kutubxonasi” onlayn viktorinalarida faxrli o‘rinlarni qo‘lga kiritdi. "Alisher Navoiy ijodiy merosining umumbashariyat ma’naviy-ma’rifiy taraqqiyotidagi o‘rni” mavzusidagi II an’anaviy xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya doirasida o‘tkazilgan "Navoiylik yosh navoiyshunoslar” tanlovida Ibrohimjon G‘afforovning 1-o‘ringa sazovor bo‘lgani O‘zbekiston yoshlarini to‘lqinlantirib yubordi. Ibrohimjonning muvaffaqiyatlari negizida qanday muhit borligi, menimcha, hammaga qiziq. Demak, izhori dilga quloq tutamiz.
– Ibrohimjonni 9-fevralda tug‘ilganining o‘zi bir xosiyatli. 1-sinfda ilk saboqlarni o‘zlashtirish jarayonidayoq bu o‘quvchimning zehni o‘tkirligini, berilgan topshiriqlarni tezkorlik, mas’uliyat bilan bajarishi, so‘zlarini ipga terilgan marjondek dona-dona talaffuz qilishidan bu o‘quvchimda qandaydir iqtidor kurtaklari borligini his qilardim. Unga yangi mavzuni bir marta o‘qib bersam bas, o‘sha matnni o‘zidan-da chiroyli, kengaytirib, obrazli tarzda hikoya qilib berardi, sinchkovlik bilan kuzatsam, Ibrohimjonda oratorlik qobiliyati ham bor ekan, –deydi boshlang‘ich sinf o‘qituvchisi Nilufar Ostonova. –2-sinfligida kichik-kichik she’rlar mashq qila boshladi. O‘zim adabiyotni juda yaxshi ko‘rganim uchun rosa sevindim. Ibrohimjonda so‘zga mehr bor ekanini payqadim. 3-sinfligida Ibrohimjonni "Chashma” to‘garagiga yetaklab bordim. Shu-shu ustoz Odil Hotamovdan she’r yozish sirlari bo‘yicha saboq ola boshladi. 4-sinfligida 20ga yaqin she’rlari viloyat va respublika nashrlarida chop etilgan Ibrohimjon endi zafarli g‘alabalar qucha boshladi.

 Karmana tumanidagi 4-maktab o‘quvchisi Ibrohimjon G‘afforovning taassurotlari quyidagicha bo‘ldi:
• 4 yoshimdan boshlab dadam tufayli sport bilan do‘st tutindim. Ilk qatnashgan sport turim boks bo‘lgan. Voleybol, basketbol, badminton, futbol, qo‘l jangi bo‘yicha musobaqalarda tuman va viloyat miqyosida ketma-ket yutuqlarga erisha boshlaganimda 1-sinfda o‘qir edim . So‘zga bo‘lgan mehrni menda ilk bor buvim uyg‘otganlar. U kishining ertaklarini eshitib, nima yaxshi-yu, nima yomonligini bolalarcha tasavvur qilganman. Onam esa mening kitob o‘qishga bo‘lgan havasimni orttirdilar. Chunki onam juda ko‘p kitob o‘qirdilar. Uyimizda kunora onam boshchiligida she’rxonlik kechalari o‘tkazardik. Hattoki mushoirada yengilib qolmaslik uchun kitoblarga qarab she’r aytgan paytlarim bo‘lgan. Adabiyot, she’riyat olamiga qadam qo‘yishimda va "Mard o‘g‘lon” davlat mukofotini olishimda o‘qituvchim Nilufar opa Ostonovaning mehnatlari ko‘p singgan. Biz, o‘quvchilar, tarixni, adabiyotni sevishni, Vatanimiz milliy merosi, qadriyatlarini ardoqlashni aynan shu birinchi o‘qituvchimizdan o‘rganganmiz. Chunki ochiq dars, tadbir va mushoiralarda ustozim Nilufar opaning o‘zlari Nodirabegim, Uvaysiy, Zebunniso rollarini qoyilmaqom bajarib, bizni tarix haqiqatlari bilan tanishtirganlar. Dadamning qattiq e’tirozlariga qaramay, shu ustozim meni tahririyatga yetaklab borgan, ilk she’rlarimni chop ettirib, quvonchimga sherik bo‘lganlar. Shuningdek, G. Raxmonova, O. Turobova, N. Kenjayev, O. Nurmatova kabi muallimlarimdan ham behad minnatdorman. Men O‘zbekistonning eng baxtiyor, hur farzandiman! Mustaqillik tufayli mustaqil fikrimga, bilimlarga ega bo‘ldim. Joriy yilda "Navoiylik yosh navoiyxonlar” ko‘rik-tanlovining go‘libiga aylanib, Prezident sovg‘asi "Spark” avtomashinasi bilan, 30-iyunda esa "Mard o‘g‘lon” davlat mukofoti sohibi bo‘ldim va Prezident sovg‘asi oltin soat bilan taqdirlandim. Yoshlarga shuni baralla aytamanki, eng ko‘p kitob o‘qigan inson dunyodagi eng badavlat kishi ekan. Ruhiyatimizni ma’naviy bilimlar orqali sug‘orsak, bizning uyg‘oq ongimizni, haq-huquqimizni hech qanday yovuz kuch bo‘ysundira olmaydi.
 
 
"Navoiy yoshlari" gazetasi muxbiri   Umida Raximova.

O'xshash yangiliklar