"YOSH OLIMLAR" KLUBI TASHKIL ETILDI

Navoiy viloyati "Barkamol avlod” bolalar markazida "Yosh olimlar” innovatsion klubi tashkil etildi.

 

Shu munosabat bilan o‘tkazilgan tadbirda mamlakatimizda jismonan sog‘lom, ma’nan etuk avlodni tarbiyalash, ularning ongi va qalbida Vatanga muhabbat, istiqlol g‘oyalariga sadoqat, milliy qadriyatlarimizga hurmat tuyg‘ularini yuksaltirish, iqtidorli, izlanuvchan yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va munosib rag‘batlantirishga alohida e’tibor qaratilayotgani ta’kidlandi.

 

Dastlab umumta’lim maktablari o‘quvchilarining ko‘rgazmasi tashkil etildi. Unda 10 ga yaqin yoshlar ishlab chiqarish, servis, qishloq xo‘jaligi sohalariga oid innovatsion g‘oya va ishlanmalarini namoyish qildi. Navbahor tumanidagi 1-umumta’lim maktabi o‘quvchisi Behzod Odilovning "Issiqxonani avtomatik sug‘orish” loyihasi ko‘pchilikda katta qiziqish uyg‘otdi.

 

– Viloyatimizda issiqxonalarda sabzavot etishtirish ancha rivojlangan, – deydi B.Odilov. – Aksariyat tadbirkorlar ekinni sug‘orish jarayonida yo‘l qo‘ygan xato va kamchiliklari sabab hosildorlik 20-30 foizga pasayib ketadi. Ushbu loyiham ekinni parvarishlash, erning namligini aniqlash va sug‘orish ishlarini avtomatik nazorat qilish, suvni tejashda qo‘l keladi.

 

Karmana tumanidagi 21-umumta’lim maktabining 10-sinf o‘quvchisi Humoyun Haydarov klubga rahbar etib tayinlandi. U bir necha nufuzli yarmarka va musobaqalarda faxrli o‘rinlarni egallagan. Xususan, joriy yilda Toshkentdagi Turin politexnika universiteti, Toshkent politexnika muzeyi hamkorligida tashkil etilgan "Yosh ixtirochilar – 2018” tanlovida "Aqlli ventilyator” va "Zamonaviy kran” ixtirolari bilan qatnashib, "Eng yaxshi muhandislik ishi” nominatsiyasi g‘olibi bo‘ldi. Viloyatda o‘tkazilgan innovatsion yarmarkada "Mobil muzlatkich” va "Multimert” nomli loyihalari bilan qatnashib, 10 million so‘m pul hamda Xitoy davlatiga safarga yo‘llanmani qo‘lga kiritdi. Mamlakat miqyosida bo‘lib o‘tgan "Innoweek – 2018” yosh ixtirochilar innovatsion haftaligida "Aqlli uy” loyihasi bilan robototexnika va mexatronika yo‘nalishida birinchi o‘rinni egalladi. SHuningdek, Meksika davlatida o‘tkazilgan xalqaro "First global challange” (Birinchi xalqaro musobaqa) robototexnika olimpiadasida O‘zbekiston jamoasi tarkibida O‘rta Osiyo mamlakatlari o‘rtasida ularga teng keladigani topilmadi.

 

Darhaqiqat, "Yosh olimlar” klubi faoliyatini qo‘llab-quvvatlash maqsadida viloyat hokimligi qariyb 215 million so‘m ajratgan edi.

 

Klub Navoiy shahri, Karmana va Navbahor tumanlari o‘quvchilarini qamrab olgan. Bu kabi klublar boshqa hududlarda ham tashkil etilishi ko‘zda tutilgan bo‘lib, ularning rahbarlari shu erda o‘qitiladi. 

 

O‘zining innovatsion g‘oya, ixtiro va loyihalari bilan klubga a’zo bo‘lish istagini bildirgan 50 nafarga yaqin o‘quvchidan 20 nafari tanlab olindi. Dastlabki mashg‘ulotda ular ishtirokida "Xavfsiz uy”, "Aqlli qafas” va "Zamonaviy chiqindi tashlanadigan quti” loyihalari muhokama qilindi.

 

Boshqarma matbuot xizmati

 

O'xshash yangiliklar