KITOB MARAFONI – OFTOB MARAFONI

KITOB MARAFONI – OFTOB MARAFONI

   Ma’lumki, Prezidentimizning beshta muhim tashabbusi — yoshlarimizga bo‘lgan e’tiborni yanada kuchaytirish, ularni madaniyat, jismoniy tarbiya va sportga keng jalb etish, yoshlarda axborot texnologiyalaridan foydalanish ko‘nikmalarini shakllantirish, yurtimiz yoshlari o‘rtasida kitobxonlikni targ‘ib qilish, xotin-qizlar bandligini oshirish masalalariga qaratilgan. Bu tashabbuslar keng jamoatchilik tomonidan katta qiziqish bilan kutib olindi. Endilikda beshta muhim tashabbus respublikamizning barcha hududlarida keng joriy etilmoqda va qanot yoymoqda.
   Kutubxonalardagi kitoblar fondi hozirgi ehtiyoj va talabga javob bermasligi, ya’ni o‘quvchi-yoshlarimizning sinfdan va maktabdan tashqari o‘qishi lozim bo‘lgan adabiyotlarning kutubxonalarda yetarli bo‘lmaganligi kabi holatlar o‘quv-tarbiya jarayoni samarasiga ham salbiy ta’sir ko‘rsatayotganligi aniqlangan haqiqatdir. Shu sababli, Navoiy viloyatida umumta’lim maktablarning kutubxona fondini badiiy adabiyotlar, ensiklopedik nashrlar, ilmiy risolalar hisobiga boyitish maqsadida xalq ta’limi boshqarmasi boshlig‘i M.Shamuratovning tashabbusi bilan, shuningdek boshqarmaning 2020-yil 9-dekabrda o‘tkazilgan apparat yig‘ilishi bayoni 4-bandiga muvofiq tuman, shahar xalq ta’limi bo‘limlari tasarrufidagi umumta’lim maktablarda "Kitob sovg‘a qilish dekadasi" o‘tkazildi. Mazkur marafon viloyatda juda keng qarovli tus olib, unda tuman, shahar mahalliy davlat hokimiyati organlari rahbarlari, davlat boshqaruv organlari mutasaddilari, keng jamoatchilik, ota-onalar va o‘qituvchilar ishtirok etishdi.
   O‘n kun davom etgan tadbir davomida viloyatdagi 365 ta umumta’lim maktablarning kutubxonalariga 35000 dan ziyod turli badiiy, ilmiy, ensiklopedik, texnik adabiyotlar kelib tushdi. Bu raqam nisbatan kamroq ko‘rinishi mumkin, ammo faktlarga murojaat qiladigan bo‘lsak bitta tumandagi umumiy maktablarning kitob fondidan ziyodroq. Masalan, Uchquduq tumanidagi 19 ta umumta’lim maktablaridagi marafondan oldingi kitob fondi 27503 tani tashkil etgan. Demak, kelib tushgan kitoblar bitta tumandagi umumiy kitoblar fondidan oshiqroq.
   Ta’lim muassasalarida, oilada bolani kitobga nisbatan qiziqtirish, e’tiborini oshirishda muallimning xizmati beqiyosdir. Kitobxonlikni zaruratga aylantirish kerak. Agar farzandlarimizda kitob o‘qishga havas bo‘lmasa, uning kitob o‘qishga bo‘lgan e’tiborini o‘zgartirish mushkul bo‘lib qoladi. Ularni o‘qishga majburlash emas, balki kitob o‘qishga havas uyg‘otish lozim. Bu borada ota-ona, ustozu murabbiylar va kutubxona xodimlari bevosita yordam berishlari lozim bo‘ladi. Bunda bolalarning yosh xususiyati, qiziqishi hisobga olinishi kerak. Italyan yozuvchisi Seneka: "Kitoblarning soni emas, ularning yaxshisi foyda keltiradi”, - deb aytgan edi.
  Xulosa qilib aytganda, komil inson bo‘lib yetishish uchun kitobning o‘rni beqiyosdir. O‘quvchilarni kitob bilan ishlashga odatlantirish ham tarbiyaviy ahamiyatga ega. Kitobxonlik yoshlarning ma’naviy boyligini oshiradi, ularni mehnat va ijodiy yo‘lga boshlaydi. Kitob hayotning ulug‘vorligini anglab olishga, u haqida mustaqil fikr yuritishga yordam beradi.

O'xshash yangiliklar