ENG KO'P BERILADIGAN SAVOLLARGA JAVOBLAR

  • Qanday ixtisoslashgan maktabgacha ta’lim muassasalari bor? Farzandimni bunday muassasaga joylashtirish uchun qanday hujjatlar talab qilinadi?

    Javob: Ayni paytda Respublikamizda 5 ta turdagi (nutqida og‘ir nuqsonlari bo‘lgan bolalar uchun, eshitishda og‘ir nuqsonlari bo‘lgan bolalar uchun, ko‘rishda og‘ir nuqsonlari bo‘lgan bolalar uchun, psixik nuqsonli (psixik rivojlanishda kechikish, aqli zaif) bolalar uchun, tayanch-harakatlanish apparatida nuqsonlar bo‘lgan bolalar uchun) maxsus hamda 2 ta turdagi sanator (gepatit kasalligi bilan og‘rigan bolalar uchun, sil indeksatsiyasi aniqlangan bolalar uchun) maktabgacha ta’lim muassasalari mavjud. Bu muassasalarga farzandingizni joylash uchun yashash manzilingiz bo‘yicha oilaviy shifoxonalarga murojaat qilishingiz lozim. • Maxsus maktabgacha ta’lim muassasalariga bolalarni qabul qilish tibbiy-psixologik-pedagogik komissiyalarning xulosasida belgilanadi. • Komissiya xulosasini olish uchun ota-onalar (yoki ularning o‘rnini bosuvchi shaxslar) tomonidan quyidagi hujjatlar taqdim etiladi: • bolaning tug‘ilganligi haqidagi guvohnoma nusxasi (ikki nusxada); • bolaning otasi yoki onasining (yoki ularning o‘rnini bosuvchi shaxslar) pasporti nusxasi (ikki nusxada); • yashash joyidagi psixonevrolog, defektolog, otorinolaringolog, ortoped, okulist shifokorlarning bola nutqidagi nuqsoni, uning eshitish va ko‘rish, tayanch – harakatlanish a’zosidagi nuqsonlari bo‘yicha qo‘yilgan tashxislari (asli va nusxasi); • bola umumiy tipdagi muassasaga qatnagan bo‘lsa, uning jismoniy yoki aqliy rivojlanishiga berilgan, muassasa mudirining imzosi va muhri bilan tasdiqlangan tavsifnoma (asli va nusxasi). • Komissiyaga yuborilayotgan bolalarga yashash joyidagi shifokor (tor mutaxassislar)lar tomonidan qo‘yilgan tashxis shifoxona bosh shifokori (u bo‘lmagan hollarda uning o‘rinbosari)ning imzosi va gerbli muhr bilan tasdiqlangan bo‘lishi shart.

  • Davlat va nodavlat maktabgacha ta'lim muassasalarining farqi nimada?

    Javob: Davlat maktabgacha ta'lim muassasalarida tarbiyalanuvchilarning ta'minoti davlat byudjetlari mablag‘lari tomonidan amalga oshiriladi, nodavlat ta'lim muassasalarida esa sarf-harajatlar muassis tomonidan amalga oshiriladi.

    Davlat va nodavlat ta'lim muassasalari bolalarga ta'lim-tarbiya berishda bir xil maqsad va vazifalarni bajaradi, ya'ni:

    bolalarning hayotini muhofaza qilish va sog‘lig‘ini mustahkamlash;

    bola shaxsi asoslarini shakllantirish, uning bilimiga qiziqishlarini rivojlantirish;

    bolaning intellektual, shaxsiy va jismoniy rivojlanishini ta'minlash;

    bolaning rivojlanishidagi nuqsonlarni zarur tarzda tuzatish;

    bolalarni milliy madaniyat va umuminsoniy qadriyatlar bilan tanishtirish;

    bolalarni maktabda o‘qishga tayyorlash.

  • Kimlar maktabgacha ta’lim muassasalari uchun badal pulini to‘lamaydi? Yoki qanday oilalarga to‘lov bo‘yicha chegirmalar bor?

    Javob: Maktabgacha ta’lim muassasalarida ota-onalardan badal to‘lovlari, O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligidan 2008 yilning 13 fevralь kuni 1768-raqami bilan ro‘yxatdan o‘tgan "Maktabgacha tarbiya bolalar muassasalari va maktab-internatlardagi bolalar ta’minotiga haq to‘lash tartibi to‘g‘risida” gi Nizom asosida amalga oshiriladi. Mazkur Nizomning IV bo‘lim, 26-bandiga binoan maktabgacha ta’lim muassasalari va internatlarda bolalar ta’minoti uchun to‘lovlardan kam ta’minlangan oilalarning bolalari qonun hujjatlariga muvofiq ushbu muassasalarda (internatlarda)gi ularning umumiy sonidan 15 foizi doirasida ozod qilinadi. Bunda ota-onalari (bittasi yoki ikkalasi) I yoki II guruh nogironlari bo‘lgan kam ta’minlangan oilalarning bolalari, birinchi navbatda to‘lovlardan ozod qilinadi.

  • Farzandimni boshqa (qo‘shni) maktabgacha ta'lim muassasasiga o‘tkazmoqchiman. Buning uchun nima qilish kerak?

    Barcha hujjatlarni qayta yig‘ishim kerakmi? Javob: Ha. Barcha hujjatlarni o‘rnatilgan tartibda qayta yig‘ish kerak. Lekin, siz avvalo farzandingizni joylashtirmoqchi bo‘lgan MTMda bo‘sh joy borligini aniqlashingiz lozim.

  • Qaysi tuzilma xususiy va davlatga qarashli maktabgacha ta`lim muassasalari faoliyatini nazorat qiladi, tarbiyachilarga qanday ta`rif stavkalariga asosan maosh belgilanadi?

    Javob: O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligidan 2007-yil 26-dekabrda 1758-son bilan ro‘yхatdan o‘tkazilgan O‘zbekiston Respublikasi Хalq ta’limi vazirligining 2007-yil 28-noyabr "Davlat maktabgacha ta’lim muassasalariga bolalarni qabul qilish bo‘yicha qabul komissiyasining faoliyat ko‘rsatish tartibi to‘g‘risidagi Nizomni tasdiqlash haqida” gi 297-sonli buyrug‘iga asosan tasdiqlangan Nizomning 7-bandiga asosan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2007-yil 25-oktyabrdagi "Maktabgacha ta’lim sohasidagi normativ-huquqiy hujjatlarni tasdiqlash to‘g‘risida” 225-sonli qaroriga muvofiq: I va II guruh nogironlari; harbiy хizmatchilarning bolalari; talabalar va pedagoglarning bolalari maktabgacha ta’lim muassasasiga qabul qilishda imtiyozlardan foydalanadilar. Nizomning 8-bandiga ko‘ra, maktabgacha ta’lim muassasasiga qabul qilishda imtiyozlardan foydalanuvchi bolalarning ota-onalari (ularning o‘rnini bosuvchi shaхslar) qabul komissiyasiga mazkur nizomning 6-bandida ko‘rsatilgan hujjatlardan tashqari pedagoglar ish joyidan ma’lumotnoma taqdim etishlari shart. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2005-yil 21-dekabrdagi 275-son qaroriga muvofiq 2006-yil 1-yanvardan boshlab хalq ta’limi хodimlariga haq to‘lashning bazaviy tarif stavkalari joriy etilgan. Mazkur qarorda bydjet tashkilotlari хodimlariga ish haqi miqdorlari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti farmonlariga muvofiq oshirilgan taqdirda хalq ta’limi muassasalari хodimlarining bazaviy tarif stavkalari (lavozim maoshlari) belgilangan tartibda O‘zbekiston Respublikasi Хalq ta’limi vazirligi tomonidan Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi bilan birgalikda qayta ko‘rib chiqilishi belgilab qo‘yilgan. Хalq ta’limi hamda Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirliklarining 2013-yil 17-dekabrdagi 400 q/b, 86 q/b-son qo‘shma buyrug‘iga asosan, 2013-yilning 15-avgustidan boshlab maktabgacha ta’lim muassasalari tarbiyachilariga, ularning malaka toifalariga qarab 344344 so‘mdan 467930 so‘mgacha miqdorda ish haqi hisoblanadi.

  • Maktabgacha ta'lim muassasasiga farzandini joylashtirishda ota-onalardan alohida ta'ma qilayotgan mudiralar uchrasa, aholi qayerga va qanday murojaat etishi mumkin ?

    Maktabgacha ta'lim muassasasiga bolani joylashda ta'magirlik holatlari uchrasa, joylardagi Xalq ta'limi muassasalari faoliyatini metodik ta'minlash va tashkil etish tuman (shahar) bo‘limlari, hududiy Xalq ta'limi boshqarmalari yoki Xalq ta'limi vazirligiga murojaat qilish mumkin.

  • Toshkent davlat texnika universitetini tugatganman.malakasini oshirish institutida qayta tayyorlash kursida qatnashib, informatika fanidan dars o'tish huquqini beruvchi sertifikatga ega bo'ldim.Men maktab direktorining ma'naviy-ma'rifiy ishlar bo'yicha o'rinbosari vazifasida ishlashim mumkinmi?

    Javob:O'zbekiston Respublikasi Xalq ta'limi vazirligining 2012-yil 14-iyundagi "Xalq ta'limi xodimlari asosiy lavozimlarining malaka tavsiflarini tasdiqlash to'g'risida”gi 186-sonli buyrug'i bilan tasdiqlangan "Xalq ta'limi xodimlari asosiy lavozimlarining malaka tavsiflari”da umumta'lim maktabi direktori o'rinbosarlariga:

    pedagogika yo'nalishi bo'yicha kamida bakalavr darajasidagi oliy ma'lumot;

    xorijiy tillardan birining boshlang'ich bosqichini va axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalanishni bilish;

    besh yildan kam bo'lmagan pedagogik ish stajiga ega bo'lishi kabi talablar belgilangan.

    Qayta tayyorlash bo'yicha sertifikat ikkinchi oliy ma'lumot hisoblanmaydi. U sizga faqat informatika fanidan dars o'tish huquqini beradi. Siz pedagogika yo'nalishida oliy ma'lumotga ega bo'lmaganingiz uchun maktab direktorining ma'naviy-ma'rifiy ishlar bo'yicha o'rinbosari vazifasida ishlashingiz mumkin emas.

  • Oliy ta'lim muassasalarining 4-bosqich talabasi umumiy o‘rta ta'lim maktabida ishlashi mumkinmi ?

    Javob: O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2005-yil 21-dekabrdagi “Xalq ta'limi xodimlari mehnatiga haq to‘lashning takomillashtirilgan tizimini tasdiqlash to‘g‘risida”gi 275-sonli qaroriga asosan oliy ta'lim muassasasining 4-kursida o‘qiyotgan shaxslar pedagoglik ishini amalga oshirish uchun qo‘yilishi mumkin va ularga o‘rta maxsus, kasbiy ma'lumotga ega bo‘lgan tegishli lavozimdagi xodimning bazaviy tarif stavkasi singari bazaviy tarif stavkasi belgilanadi.

  • Pedagog xodimlarning mehnat ta'tiliga chiqishi va ularga mehnat ta'tiliga chiqqanlik uchun amalga oshiriladigan to‘lovlarni to‘lash tartibi haqida ma'lumot bering. Pedagogning ta'tilga ketgani uning belgilangan dasr soatini qisqartirishga asos bo‘ladimi ?

    Javob:O‘zbekiston Respublikasi Mehnat Kodeksining 133-moddasiga asosan, barcha xodimlarga, shu jumladan o‘rindoshlik asosida ishlayotgan xodimlarga, dam olish va ish qobiliyatini tiklash uchun ish joyi (lavozimi) va o‘rtacha ish haqi saqlangan holda yillik mehnat ta'tillari beriladi.

    Vazirlar Mahkamasining 1997-yil 11-martdagi 133-sonli qarori bilan tasdiqlangan O‘rtacha oylik ish haqini hisoblab chiqarish tartibiga ko‘ra, ta'tillar vaqtiga haq to‘lashda qo‘llaniladigan o‘rtacha oylik ish haqi tarkibiga ishbay asosida ishlab topilgan qo‘shimcha ish haqi, mukofotlar, qo‘shimcha to‘lovlar, ish haqiga qo‘shimcha haqlar va ijtimoiy sug‘urta bo‘yicha badallar hisoblanadigan boshqa to‘lovlar kiradi.

    Umumta'lim maktablari o‘qituvchilariga yillik asosiy mehnat ta'tillari davomiyligi 48 kun etib belgilanadi. O‘zbekiston Respublikasi Mehnat Kodeksining 143-moddasiga asosan umumta'lim maktablari o‘qituvchilariga birinchi ish yilida yillik ta'til ularning mazkur o‘quv yurtiga ishga kirgan vaqtidan qat'iy nazar haqiqiy ishlagan vaqtiga mutanosib ravishda haq to‘lagan holda yozgi ta'til davrida to‘liq beriladi.

    Pedagogning mehnat ta'tiliga chiqishi unga belgilangan dars soatlarini qisqartirishga asos bo‘la olmaydi.

  • Umumiy o'rta ta'lim maktablarida hujjatlar bilan ishlashni tashkil etish va ijro nazoratini yuritish vazifasi yuklatilgan xodimning oylik maoshiga (u shu vazifani bajargani uchun) direktor jamg'armasidan ustama haq to'lash mumkinmi? Agar mumkin bo'lsa, qaysi huquqiy hujjatga asoslanadi?

    Javob: Vazirlar Mahkamasining “Xalq ta'limi xodimlari mehnatiga haq to'lashning takomillashtirilgan tizimini tasdiqlash to'g'risida”gi 2005-yil 21-dekabrdagi 275-sonli qarori 4-ilovasi bilan tasdiqlangan “Umumta'lim muassasalarining o'rnak ko'rsatgan xodimlarini rag'batlantirishning direktor jamg'armasi to'g'risida”gi nizomning 3-bandiga asosan direktor jamg'armasi mablag'lari hisobidan ustama haq umumta'lim maktablarining faqat o'rnak ko'rsatgan o'qituvchilariga to'lanadi.